Eng yaxshi maqola tanlovi

Askar qo‘shig‘i

 

 

Saflarda qad kerib turgan ey askar,

Bilgil, mardni ko‘rsa, chekinar xatar.

Yurakni, bilakni etgil safarbar,

Gulday diyoringni asra hamisha!

 

Duosi, so‘zlari yodingda tursin,

Nur ingan yuzlari yodingda tursin,

Mehrli ko‘zlari yodingda tursin,

Onaizoringni asra hamisha!

 

Singling bor – tegrangda parvona, halak,

Og‘a-ining esa – mag‘rur, dovyurak.

Chin do‘stlaring bo‘lar yurakka tirgak –

Qatorda noringni asra hamisha.

 

Bir kuni omading, baxting kuladi,

Uying ham, ko‘ngling ham fayzga to‘ladi.

Bolangga munosib ona bo‘ladi –

Intizor yoringni asra hamisha!

 

Vatan – or timsoli, Vatan – nomus, shon,

Nomus bilan aziz sanalgay inson.

Sen oringga qo‘rg‘on, or – senga qo‘rg‘on,

Oringni – boringni asra hamisha!

 

Orif Tolib