“Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi

«Shunqorlar” harbiy-sport musobaqalarini tashkil etish
va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
(yangi tahrirda)

1.Umumiy qoidalar

1.Mazkur Nizom o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida (bundan keyingi o‘rinlarda «ta’lim muassasalari” deb yuritiladi) «Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasini (bundan keyingi o‘rinlarda «musobaqa” deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2.Musobaqa harbiy-sport tadbirlari qatoriga kirib, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ta’lim olayotgan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etiladi.

2.Musobaqaning maqsad va vazifalari

3.Musobaqaning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
— yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularni Qurolli Kuchlar safida xizmatga va oliy harbiy bilim yurtlariga o‘qishga kirishga tayyorlash;
— o‘quvchilarning O‘zbekiston tarixini, ajdodlarimizning boy merosi va an’analarini o‘rganishlariga ko‘maklashish;
— yoshlarda mardlik, qat’iyatlilik fazilatlarini shakllantirish, intizom va jamoatchilikka tayanishga o‘rgatish.

3.Musobaqalarni tashkil qilish tartibi

4.Musobaqani tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ta’lim muassasalarining rejasiga kiritiladi. Musobaqa davomida «O‘zbekistonning eng yangi tarixi”ni o‘rganish bo‘yicha test sinovlari, tanlov, viktorina, musobaqa, estafeta, olimpiada va turli boshqa harbiy-sport o‘yinlari o‘tkaziladi.
5.Musobaqalar o‘qishdan tashqari vaqtlarda tashkil etiladi.
6.Musobaqa ishtirokchilari dam olish kunlari, rejaga asosan, Mudofaa vazirligining tegishli bo‘linmalari bilan kelishilgan (ruxsat olgan) holda harbiy qismlarga borib, askarlarning xizmat qilish sharoitlari bilan tanishadilar.
7.Musobaqa uch bosqichda o‘tkaziladi:
—tuman (shahar) bosqichi — mart oyida;
—hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichi — aprel oyida;
— respublika bosqichi — may oyida.
8.Musobaqa o‘tkaziladigan joy tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi va har bir bosqichdan kamida 15kun oldin o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va mas’ul tashkilotlarga ma’lum qilinadi.
9.Tashkiliy qo‘mita musobaqani o‘tkazish bo‘yicha barcha tashkiliy masalalarni hal etadi, hakamlar hay’ati tarkibini tuzadi va tasdiqlaydi.
10.Musobaqalarni o‘tkazish joyi tashkiliy qo‘mitaning tavsiyasiga binoan Mudofaa vazirligi va uning joylardagi tuzilmalari buyrug‘iga asosan belgilanadi.
11.Musobaqalarning tantanali ochilish va yopilish tadbirlarini tashkiliy qo‘mita qaroriga asosan sport majmualarida o‘tkazish mumkin.
12.Harbiy-taktik bellashuvlar maxsus belgilangan joylarda o‘tkazilishi lozim.

4.Musobaqa ishtirokchilari

13.Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan ta’lim muassasalari o‘quvchilaridan iborat guruhlar ishtirok etadi.
14.Musobaqani tashkil etish va uni o‘tkazish mas’ul tashkilotchilarning vakillaridan tarkib topgan tashkiliy qo‘mita zimmasiga yuklatiladi.
15.Ta’lim muassasalarining musobaqada ishtirok etuvchi guruhlari 10kishidan iborat tarkibda tuziladi.
16.Guruhlar faqatgina musobaqada qatnashayotgan ta’lim muassasasi o‘quvchilaridan iborat tarkibda tuziladi.
17.Musobaqada 19 yoshdan oshmagan, «Chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash” fani yuzasidan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etadi.
18.Musobaqa ishtirokchilari hakamlar hay’atiga quyidagi hujjatlarni tadqim etishlari lozim:
—shaxsini tasdiqlovchi hujjat (nusxasi);
—o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi o‘quvchisi ekanligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (surati bilan, muhrlangan);
—sog‘ligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnoma;
—o‘t ochish qurolidan otish normativlarini bajarganligi to‘g‘risidagi mudofaa ishlari bo‘limi yoki harbiy qism tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
—xavfsizlik qoidalari bilan bevosita tanishganlik yuzasidan dalolatnoma.
Talab qilingan yuqoridagi hujjatlarni topshirmagan yoki hujjatlarida kamchiligi mavjud jamoalar musobaqalarda ishtirok etmaydi.
19.Musobaqalarda maxsus harbiy-texnik va sport maktablarining, Olimpiya zaxiralari kollejlarining jamoalari, shuningdek, musobaqalarning o‘tgan yilgi respublika bosqichida qatnashgan ta’lim muassasalari jamoalari ishtirok etmaydi.

5.Musobaqalar ustidan rahbarlik

20.Musobaqaning bosh tashkilotchilari:
—O‘zbekiston «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati;
—O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
— O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi;
— O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi;
— O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
—Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosati;
—Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar” tashkiloti Markaziy Kengashi;
—O‘zbekiston Faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy” jamg‘armasi Markaziy Kengashi;
—»Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi.
21.Musobaqaning bosh tashkilotchilari ushbu musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshiradilar:
—musobaqa ustidan amaliy rahbarlik qilish uchun uning quyi va yakuniy bosqichlarida malakali mutaxassislardan iborat vakillarining ishtirokini ta’minlaydi;
—hududiy tashkiliy qo‘mitalar tomonidan joylarda musobaqalar ustidan rahbarlik qilish uchun shtab va uning rahbarlari tasdiqlanishini nazorat qiladi.
22.Musobaqaning har bir bosqichi o‘tkazilganligi yuzasidan bayonnoma tashkiliy qo‘mitaga musobaqalar o‘tgandan keyin 3kun muddat ichida berilishi shart.
23.Musobaqa o‘tkaziladigan harbiy bilim yurtlari va harbiy qism qo‘mondonligi musobaqa ustidan rahbarlik qiladilar.
24.Tashkiliy qo‘mitalar tarkibiga «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, vazirlik va tashkilotlarning joylardagi bo‘linmalari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, baynalmilal-jangchilar, harbiy ta’lim o‘qituvchilari kiritilishi tavsiya etiladi.

6.Musobaqa shartlari va baholash mezonlari

25.Musobaqa quyidagi shartlar asosida o‘tkaziladi:
—Jamoalarning safda yurish tayyorgarligi.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi. Jamoa a’zolarining safda shahdam qadam bilan belgilangan qoida bo‘yicha yurishlariga alohida e’tibor qaratiladi. Shart hakamlar hay’atining barcha a’zolari tomonidan kelishilgan holda «5” ballik tizimda baholanadi.
—Safda qo‘shiq bilan yurish ko‘rigi.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi. Jamoa a’zolarining safda shahdam qadam bilan belgilangan qoida bo‘yicha qo‘shiq aytib yurishlari baholanadi. Bunda nafaqat safda belgilangan qoidalar asosida yurishga, balki qo‘shiqning mazmuni va uni ijro etish mahoratiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Shart hakamlar hay’atining barcha a’zolari tomonidan kelishilgan holda «5”ballik tizimda baholanadi.
—Harbiy varaqalar, albom va vimpellar ko‘rigi.
Jamoa musobaqaning tegishli bosqichiga O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini, jamoaning musobaqa tuman va hududiy bosqichlaridagi ishtirokini aks ettiruvchi albomini, 40×30 sm. hajmdagi jamoa vimpelini, jamoa va hudud nomi yozilgan taxtachasini olib kelishi lozim. Harbiy varaqalarning jamoa a’zolari tomonidan qo‘l bilan tayyorlanganligiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu shartda jamoaning sardori ishtirok etadi hamda ko‘rgazmaga qo‘yilgan harbiy varaqalar, albom, vimpellar hamda ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab beradi. Shart hakamlar hay’atining barcha a’zolari tomonidan kelishilgan holda «5”ballik tizimda baholanadi.
—Jamoalarning maxsus ustki kiyimi ko‘rigi.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi. Jamoaning ustki kiyimi (shu jumladan, bosh kiyimi) maxsus tiktirilgan, barcha guruh a’zolari uchun bir turda bo‘lishi talab etiladi. Qurolli Kuchlar harbiy kiyimlari va boshqa tashkilotlarning maxsus kiyimlarida (shu jumladan, bosh va oyoq kiyimlarida) ishtirok etish taqiqlanadi. Ustki kiyimdagi shaxsni tasdiqlovchi, namlikdan himoyalangan 10×6 sm. hajmdagi ko‘krak nishoni (emblemasi) ko‘krakning chap tomoniga taqiladi. Ko‘krak nishonida musobaqa qatnashchisining ism-sharifi to‘liq yozilishi, 4x6sm. hajmdagi fotosurati yopishtirilgan va ta’lim muassasasining muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Musobaqa hakamlari tomonidan jamoalarning ustki kiyimida kamchiliklar aniqlansa, (boshqa musobaqalar uchun tiktirilgan ustki kiyimlardan foydalanilgan bo‘lsa) jamoa jarima ballari bilan jazolanadi.
Shart hakamlar hay’atining barcha a’zolari tomonidan kelishilgan holda «5”ballik tizimda baholanadi.
—Ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik bo‘yicha bellashuv.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi. Jamoa sardori tarix, huquq, ma’naviyat, ingiliz tili, geografiya hamda «Chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash” fanlaridan tuzilgan har birida 5 tadan savol mavjud muhrlangan konvertlardan birini tanlaydi hamda imzo qo‘ygan holda hakamlar hay’ati a’zosiga taqdim etadi. Hakamlar hay’ati a’zosi tomonidan har bir savol o‘qiladi va ushbu savolga jamoa a’zolari 10 soniya ichida to‘liq javob berishlari talab etiladi.
«To‘liq” javob uchun «2” ball, «to‘liq bo‘lmagan” javob uchun «1” ball, «noto‘g‘ri” javob uchun «0” ball qo‘yib boriladi.
—Merganlik (nishonga olib otish) bo‘yicha bellashuv.
Ushbu shartda jamoaning 4 nafar a’zosi ishtirok etadi.
—AKM avtomatini qismlarga ajratish.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi.
—AKM avtomatini yig‘ish.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi.
—Uzoq masofaga yugurish (1 km. kross).
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zosi ishtirok etadi. Belgilangan masofaga eng oxirida yetib kelgan jamoa a’zosining vaqti yozib qo‘yiladi. Shartni eng qisqa vaqtda bajargan jamoa eng yuqori ball, shartni eng uzoq vaqtda bajargan jamoaga eng past ball beriladi.
—Granata uloqtirish.
Ushbu shartda jamoaning 2 nafar a’zosi ishtirok etadi. Granatani uloqtirish maydonining uzunligi 10 metr etib belgilanadi. Shart ishtirokchilari 2 marotabadan granata uloqtiradilar hamda jami masofa hakamlar tomonidan yozib qo‘yiladi. Umumiy masofasi yuqori bo‘lgan jamoaga eng yuqori ball, umumiy masofasi eng kam bo‘lgan jamoaga eng past ball beriladi. Belgilangan (uzunligi 10 metr bo‘lgan) hududdan tashqariga uloqtirgan ishtirokchining masofasi hakamlar tomonidan yozilmaydi.
—Turnikda tortilish.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zosi ishtirok etadi. Shart ishtirokchilarining turnikdagi jami tortilishi yozib boriladi hamda qo‘shgan holda umumiy hisob chiqariladi.
—To‘siqlar yo‘lagidan o‘tish bo‘yicha bellashuv.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zosi ishtirok etadi. Belgilangan masofaga eng oxirida yetib kelgan jamoa a’zosining vaqti yozib qo‘yiladi. Shartni eng qisqa vaqtda bajargan jamoa eng yuqori ball, shartni eng uzoq vaqtda bajargan jamoaga eng past ball qo‘yiladi.
—O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobining bilimdoni.
Ushbu shartda jamoaning barcha a’zolari ishtirok etadi. Jamoa sardori Prezidentimiz Islom Karimovning «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobidan tuzilgan har birida 10 tadan test savollari mavjud muhrlangan konvertlardan birini tanlaydi hamda barcha jamoa a’zolari bilan birgalikda to‘g‘ri javoblarni belgilab chiqadi. Mazkur shart uchun 6 daqiqa
(5 daqiqa savollar uchun, 1 daqiqa javoblar varag‘ini to‘ldirish uchun) vaqt beriladi.
Ushbu shartda test savollarining har bir belgilangan to‘g‘ri javobi uchun 1ball qo‘yiladi.
26.Musobaqa o‘tkaziladigan harbiy bilim yurtlari va harbiy qism rahbarlari musobaqaning hakamlar hay’ati raisi etib belgilanadi.
27.Musobaqa shartlari bo‘yicha ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan hakamlar hay’ati a’zolari baholab boradi.
28.Guruhlarning barcha shartlar davomida tezkorligi, epchilligi, mazmundorligi, o‘zini tanishtirish mamlakatimiz chegaralari daxlsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan islohotlar va ular mohiyatini oddiy va xalqchil tarzda ochib berishlari, belgilangan vaqtga qat’iy rioya qilishlari, kiyimi va ushbu Nizomda ko‘rsatilgan talablarga rioya qilishlari – baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.
29.Musobaqadagi savollar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasining «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi, «Mudofaa to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek, «Chaqiriqqacha yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash” fani yuzasidan tuziladi.
30.Savollar O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va uning joylardagi boshqarmalari tomonidan tuziladi hamda musobaqa kunidan bir kun avval maxsus konvertga solinib, tashkiliy qo‘mita a’zolari ishtirokida muhrlanadi.
31.Hakamlar hay’ati tarkibiga «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Mudofaa vazirligi (uning joylardagi tuzilmalari), O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va boshqarmalari mas’ul xodimlari (o‘qituvchilar, amaliyotchilar, harbiy ofitserlar) kirishi mumkin.

7.G‘oliblarni taqdirlash

32.Musobaqa g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
—Birinchi tuman (shahar) bosqichi g‘oliblari «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman (shahar) Kengashlari va ta’lim muassasalarining I, II va III darajali diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, g‘oliblarni taqdirlash uchun sarf-xarajatlarga mas’ul akademik litsey va kasb-hunar kolleji ma’muriyati hamda boshqa tashkilotlar ham homiylik qilishlari mumkin.
—Ikkinchi hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqichi g‘oliblari «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy Kengashlari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarining I, II va III darajali diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, g‘oliblarni taqdirlash uchun sarf-xarajatlarga boshqa tashkilotlar ham homiylik qilishlari mumkin.
—Uchinchi yakuniy (respublika) bosqichi g‘oliblari «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining I, II va III darajali diplomlari, barcha tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

8.Yakuniy qoidalar

33.Musobaqani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar mas’ul tashkilotchilarning mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.
34.Davlat va nodavlat tashkilotlari musobaqada homiylik qilishlari mumkin.
35.Mazkur musobaqaning quyi bosqichlari bilan bog‘liq barcha hujjatlar (materiallar) «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining mahalliy va hududiy Kengashlarida, yakuniy (respublika) bosqichi bo‘yicha hujjatlar (materiallar) «Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashida saqlanadi.

Yuklab olish