“Faol yoshlar maktabi” loyihasi

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining

“Faol yoshlar maktabi” loyihasi

Mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish va mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish hamda yetakchilik mahoratini oshirish maqsadida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi qoshida “Faol yoshlar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

“Faol yoshlar maktabi” a’zoligiga 18 -30 yoshgacha bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari talabalari va mahallalardagi uyushmagan yoshlar qabul qilinadi.

Maktab a’zoligiga qabul qilish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich – ariza-anketa bilan murojaat etish;

ikkinchi bosqich – anketa ma’lumotlari asosida ikkinchi bosqichga o‘tgan yoshlar test yordamida sinovdan o‘tkaziladi;

uchinchi bosqich – test sinovlaridan ijobiy natija bilan o‘tgan a’zolikka da’vogarlar maxsus Komissiya tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi hamda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar maktab a’zoligiga qabul qilinadi.

Maktab a’zolarini o‘zlari ta’lim olayotgan yo‘nalishi, mutaxassisligi, tajribasi va qiziqishidan kelib chiqib, quyidagi guruhlarga ajratiladi:

– yosh ijodkorlar guruhi;

– yosh huquqshunoslar guruhi;

– yosh olimlar guruhi;

– yosh jurnalistlar guruhi;

– AKT mutaxassislari guruhi;

– yosh psixologlar guruhi;

– yosh ma’naviyatchilar guruhi;

– yosh tadbirkorlar guruhi;

Shuningdek, maktab a’zolarining qiziqishi va talablaridan kelib chiqib qo‘shimcha guruhlar joriy etilishi mumkin.

Maktab a’zolari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyihalarni amaliyotga tadbiq etish uchun Markaziy Kengash tomonidan 5 mln. so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratilishi mumkin.

Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi tomonidan maktab a’zolarining eng faol va tashabbuskorlarini rag‘batlantirib borish maqsadida quyidagi rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan:

– 3 oy yakunlari bo‘yicha eng faol 20 nafargacha maktab a’zolari “Kamolot” kutubxonasi” to‘plami bilan taqdirlanadi;

– 6 oy yakunlari bo‘yicha a kategoriyadan o‘tgan maktab a’zolari orasidan 10 nafargacha eng faollari “Kamolot” stipendiyaga tavsiya etiladi;

– 12 oy yakunlari bo‘yicha a va b kategoriyalaridan o‘tgan maktab a’zolari orasidan 5 nafargacha eng faol talabalarning to‘lov-shartnoma pulining bir o‘quv yili uchun 100% miqdori (agar talaba davlat granti asosida tahsil olsa noutbuk yoki planshet beriladi) to‘lab beriladi;

– 18 oy yakunlari bo‘yicha a, b va v kategoriyalaridan o‘tgan eng faol maktab a’zolariga rag‘batlantirish sifatida “Kamolot” uyiga tavsiyanoma (“Kamolot” uyi Nizomi talabiga to‘g‘ri kelgan holda) beriladi.

24 oy yakunlari bo‘yicha barcha kategoriyalardan o‘tgan eng faol maktab a’zolaridan:

– 2 nafari “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi;

– 3 nafar maktab a’zolari rag‘batlantirish sifatida chet el oliy ta’lim muassasasida (faqat AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy davlatlaridagi 30 talikga kirgan) magistraturaga qabul qilingan holda, xarajatlar qismini (10 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda milliy valyutada) qoplab berish sharti bilan tahsil olishga jo‘natish kabi rag‘batlantirilishi mumkin.

“Faol yoshlar maktabi”ning a’zolik anketalarini Harakatning mahalliy va hududiy Kengashlaridan hamda oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari yoki Harakatning www.kamolot.uz internet saytidan olishingiz mumkin.