Dastur

O’zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati

D A S T U R I

 “Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning 
dunyo hamjamiyatidagi obro’si va o’rni, eng avvalo, farzandlarimiz qanday
kamol topishiga, ularning qanday shaxs sifatida shakllanishiga bog’liqdir.
Biz hech qachon ana shu asl haqiqatni unutmasligimiz lozim”.
                                                                                                                                               Islom Karimov

 

Biz, O’zbekiston Respublikasining yoshlari:

konstitusiyaviy huquqlarimizdan va qonunlarda belgilab qo’yilgan yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va rivojlanishi kafolatlaridan foydalanib;

o’zimizni xalqimizning boy tarixiy merosining vorisi, mamlakatni modernizasiya qilish yo’lida ulkan ahamiyat kasb etadigan zamonaviy demokratik jamiyatni qurish yo’lidagi ishlarga daxldor ekanligimizni chuqur his etib;

yosh avlod zimmasiga Vatanimizning mustaqilligini mustahkamlash, erkin va taraqqiy etgan mamlakat – kelajagi buyuk davlat qurishdek ezgu maqsadni ro’yobga chiqarishda ulkan mas’uliyat yuklanganligini anglagan holda;

O’zbekiston jamiyat va davlat taraqqiyotining oliy maqsadi – zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va jahon hamjamiyatida munosib o’rin egallash ishiga hissamizni qo’shishda o’zimizning muqaddas fuqarolik va farzandlik burchimizni chuqur his etib,

O’zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati atrofida birlashdik.

Bizning asosiy maqsadimiz – jamiyat hayotida munosib o’rin egallash, mamlakatni isloh qilish va yangilash jarayonlarida belgilangan maqsadlarga erishish yo’lida hal qiluvchi kuch va tayanchga aylanishga qodir barkamol avlodni, mustaqil fikrlovchi, shaxsiy hayotiy pozisiyasiga va o’z nuqtai nazariga ega yoshlarni shakllantirish; yosh avlodning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga ko’maklashish; yigit va qizlarning kasbiy mahoratini yuksaltirish va ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratishdir.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun Harakat quyidagi ustuvor dasturiy vazifalarni o’z oldiga qo’yadi:

 I. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning demokratik huquqiy
davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida faol
ishtirokini ta’minlash sohasida

 Harakatning yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari quyidagilardan iborat:

O’zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, islohotlarning mazmun-mohiyatini yoshlar ongiga chuqur singdirish, yosh avlodning mamlakatni yanada demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlariga keng jalb qilinishini ta’minlash. 

Ushbu belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun, eng avvalo, yoshlarning siyosiy va huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini, ularning fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur. Yoshlarning huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish, qonunga itoatkor fuqarolarni tarbiyalash, yosh avlodda O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlariga hurmat xissini mustahkamlash, yoshlar tomonidan o’z fuqarolik huquq va burchlarini anglashlari – bu nafaqat pirovard maqsad, balki haqiqiy demokratik huquqiy davlat va rivojlangan bozor iqtisodiyotiga ega fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim vositasi, zaruriy sharti hamdir;

Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi qoidalarini amalga oshirishda, davlatimizning yoshlar siyosatini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan qonun loyihalari va boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarni tayyorlash borasida tashabbus ko’rsatish va muhokama qilish, bu sohadagi qonunchilikni, huquqni qo’llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflarni ishlab chiqish va taqdim etishda faol ishtirok etish. Shu munosabat bilan yoshlar o’rtasida bolalar va yoshlar huquq va burchlarini belgilab beruvchi qonunchilik hujjatlari qoidalarini keng tushuntirish maqsadida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollaridan iborat targ’ibot guruhlari faoliyatini kuchaytirish mo’ljallanmoqda. Shuningdek, Harakat faoliyatida bolalar va o’smirlar uchun moslashtirilgan ko’rgazmali targ’ibot vositalari, video va audio mahsulotlar, bosma nashrlarni tayyorlash, ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishga ustuvor ahamiyat beriladi;

yoshlarda yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, ularni davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirok etishga tayyorlash. Ushbu masalalarni hal etish uchun yoshlarni boshlang’ich tashkilotlar va Harakatning hududiy bo’limlari faoliyatiga faol jalb qilish ko’zda tutilgan. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati (YoIH) faollarining davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar vakillari, yetakchi tadbirkorlar hamda qishloq xo’jaligi va sanoat korxonalarining rahbarlari bilan uchrashuvlarini o’tkazish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birgalikda oliy o’quv yurtlarini bitirgan yoshlarni professional va kasbiy faoliyatlari davomida o’sishlariga ko’maklashish hamda ularni qo’llab-quvvatlash muhim vazifadir.

Harakatning, boshqa yoshlar tashkilotlarining markaz va joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy hamkorligini har tomonlama mustahkamlash. Bunda asosiy e’tibor davlatning yoshlarga oid siyosatini va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy muammolarni hal etish jarayonlarida faol qatnashish, yosh avlodning huquq, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini hayotga tatbiq etishga qaratiladi.

 II. Ma’naviy-ma’rifiy sohada

 Harakatning bugungi kundagi asosiy vazifasi yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash, yosh avlod ongida hayotga nisbatan qat’iy ishonch va nuqtai nazarlarni, milliy mentalitetimizga yot bo’lgan zararli ta’sir va oqimlarga qarshi tura olish qobiliyatini yanada rivojlantirishdan iborat. 

Mazkur sohadagi muhim vazifalar quyidagilardan iborat:

yosh avlodni istiqlol g’oyalariga cheksiz sadoqat, ona yurtiga muhabbat, mamlakatimiz milliy manfaatlarini himoya qilishda fidokorlik va mardlik ruhida tarbiyalashga yo’naltirilgan tashkiliy, targ’ibot va tashviqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Bu yo’nalishda Harakat ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mohiyati va shaklining uyg’unligi, tizimliligiga, ularning aniq natijalarga yo’naltirilganligiga erishishga intiladi. Ayni paytda har bir hududning o’ziga xos jihatlarini, yoshlarning turli qatlamlarining ehtiyojlari va manfaatlarini e’tiborga olgan holda nafaqat madaniy-ma’rifiy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, balki uni hayotga tatbiq etish ham g’oyat muhim ahamiyatga ega. Mazkur dasturlarda yoshlarda katta qiziqish uyg’otadigan suhbatlar, munozaralar, seminarlar va anjumanlar, ijodiy jamoalarning chiqishlari va boshqa ommaviy madaniy va sport tadbirlarini uyushtirish nazarda tutiladi. Shu bilan birga bu boradagi ishlarda ommaviy axborot vositalaridan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishga erishish ham muhim ahamiyatga ega;

ta’lim-tarbiya muassasalarida, korxona va tashkilotlarning yoshlar jamoalarida, yigit-qizlarning ongi va dunyoqarashi shakllanishiga ta’sir ko’rsatuvchi, yoshlarning kayfiyati va intilishlarini, ma’naviy-ahloqiy muhitni muntazam o’rganib borish. Shu maqsadda umumiy o’rta ta’lim maktablari o’quvchilari, akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy o’quv yurtlari talabalari va yoshlarning boshqa toifalari o’rtasida ijtimoiy so’rovlar o’tkazish, shuningdek yosh avlodni tashvishlantiradigan muammolar yuzasidan bahs-munozaralarni tashkil etish lozim. Muhokamalar natijalariga ko’ra, Harakat yoshlarning dolzarb muammolari yuzasidan tegishli vazirlik, muassasa va tashkilotlarga takliflar kiritadiishni nazarda tutadi;

yosh avlodga ruhiy tayanch bo’lib xizmat qiladigan, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalaydigan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o’rganish. Shuningdek, Harakat katta va yosh avlodlarni yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadigan xalqimizga qaytarib berilgan muqaddas qadamjolarning yoshlar tomonidan ziyorat qilinishini tashkillashtirish ishlarini faollashtirishni rejalashtirmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida ziyoratgohlarni obodonlashtirish alohida o’rin tutadi;

ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yoshlarning turli toifalari, xususan, bolalar qiziqishlari va o’ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olgan holda tashkil etish. Shu maqsadda “Kamolot” qoshida faoliyat yuritayotgan “Kamalak” bolalar tashkiloti umumta’lim maktablari va maktabdan tashqari muassasalarni malakali o’qituvchi-pedagoglar bilan birgalikda bolalarning intellektual rivojlanish darajasini o’stirish, zamonaviy talablarni hisobga olgan holda o’tkazilayotgan tadbirlarning samaradorligini oshirish ko’zda tutilgan. Bolalar va o’smirlar uchun badiiy asarlar yaratish, ko’rik-tanlovlarni tashkil etish, zamonaviy qahramon obrazi shakllantirilgan asarlar mualliflarini rag’batlantirish tizimini yo’lga qo’yish muhim ahamiyatga ega. Bolalarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bolalar oromgohlari va sihatgohlari faoliyatini samarali tashkil qilish alohida e’tiborni talab etadi;

yoshlarda faol fuqarolik pozisiyasi, siyosiy jarayonlarga ongli munosabatni, ma’naviy-ahloqiy sohada turli tashqi va ichki tahdidlarga qarshi mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish. Mazkur vazifani amalga oshirish maqsadida respublikaning barcha hududlarida taniqli ilm-fan, madaniyat, san’at arboblari va sportchilarni jalb qilgan holda “Buyuk va muqaddasan, mustaqil Vatan!” shiori ostida yoshlar festivallarini o’tkazish ko’zda tutiladi. Harakatning ta’lim muassasalaridagi boshlang’ich tashkilotlari talabalar turar joylarini otaliqqa olish, u yerda yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarning zamonaviy usullariga asoslangan tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni ko’zda tutadi;

xalqimizning ma’naviyati va madaniyati asoslariga qarshi qaratilgan, chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan mafkuraviy xurujlarga, yoshlar ongiga buzg’unchi ta’sir ko’rsatishga yo’naltirilgan urinishlarga qarshi kurashishda yoshlarda mustahkam fuqarolik va ahloqiy tamoyillarini shakllantirish. “Kamolot” bundan buyon ham hayotimizda uchrab turadigan rasmiyatchilik, byurokratiya, kampaniyabozlik kabi salbiy hodisalar hamda kashandachilik, ichkilikbozlik, giyohvandlik kabi illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borishda davom etadi. Yoshlar o’rtasida ekstremizmning har qanday ko’rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratish barchamizning burchimizga aylanishi lozim;

oila institutini har tomonlama mustahkamlash, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlash. Bu boradagi faoliyatning eng muhim yo’nalishlari quyidagilardan iborat:

yosh oilalarni turar-joy bilan ta’minlashda zarur yordam ko’rsatish, imtiyoz va preferensiyalar berishga qaratilgan davlat dasturlarini amalga oshirishda tashabbus ko’rsatish va faol ishtirok etish;

“Kamolot” qoshida tashkil etilgan yosh oilalarga maslahat xizmatlarini ko’rsatish bo’yicha “Yosh oila” markazlari faoliyatini takomillashtirish; bu ishga malakali psixologlar, huquqshunoslar va boshqa soha mutaxassislarini jalb qilish;

qizlarni erta turmushga berishni oldini olish, to’ylarni ortiqcha dabdabavozliksiz o’tkazilishiga qaratilgan targ’ibot ishlarini amalga oshirish;

yoshlar o’rtasida sog’lom ma’naviy muhitni shakllantirish, qonunchilik me’yorlarini targ’ib qilish, huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy reabilitasiyasiga ko’maklashish ishlarida Harakatning boshqa jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega;

“Kamolot” O’zbekiston Ekologik harakatining “Sog’lom muhit – sog’lom inson” shiorini to’liq qo’llab-quvvatlaydi. Yaqin istiqbolda Harakat o’z sa’y-harakatlarini yoshlar o’rtasida ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabat ruhida tarbiyalashga qaratadi.

III. Yosh avlodni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, yoshlar o’rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni ta’minlash sohasida

 Bugungi kundagi eng muhim vazifamiz respublikaning boshqa jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat. Mazkur dasturlarda yosh avlodga zamonaviy kasblarni egallashda ko’maklashish, yigit-qizlarni tadbirkorlik sohasiga jalb qilish, eng avvalo kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va muddatli harbiy xizmatni o’tab kelgan yigitlar bandligini ta’minlash nazarda tutilgan bo’lishi lozim.

Bu vazifani amalga oshirishga qaratilgan faoliyatning eng muhim yo’nalishlari quyidagilar:

Zamonaviy kasblarni egallash va yoshlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash maqsadida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarga daxldorlik tuyg’usini mustahkamlash, yoshlarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilishga qaratilgan “Bunyodkor” yozgi mehnat harakati loyihasining ko’lami kengaytiriladi, samaradorligi oshiriladi;

yoshlar bandligi va ularning ishga joylashtirilishini ta’minlash bo’yicha samarali tizimni shakllantirish ishlarini davom ettirish. Shu maqsadda Harakat yoshlar uchun yangi ish o’rinlari yaratish davlat dasturini amalga oshirish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, “Ustoz-shogird” an’anasini keng joriy qilishda ishtirok etadi hamda “Yosh tadbirkor” maslahat markazlari faoliyatini, mamlakat hududlarida “Bo’sh ish o’rinlari yarmarkalari” o’tkazilishini faollashtiradi. Shu bilan birga, Harakat o’z muassisligida joylarda yoshlar uchun kichik va o’rta biznes tuzilmalarini tashkil etadi.

Harakat ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni, maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklangan yoshlarga homiylik qilishda davom etadi, ularga e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatadi; huquq va manfaatlarini himoya qilishda, kasb-hunar egallashlari, ishga joylashishlarida, o’zlarini jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his qilishlariga ko’maklashadi.

IV. Iste’dodli yoshlarning ijodiy faolligini qo’llab-quvvatlash sohasida

 XXI asr – intellektual boylik ustuvor ahamiyat kasb etayotgan asr. Yoshlarning intellektual bilim va boyliklarni o’zlashtirishga bo’lgan intilishlarini qo’llab-quvvatlash “Kamolot” faoliyatining ustuvor yo’nalishi bo’lib qolmoqda. Harakat mamlakat rahbariyatining iqtidorli yoshlarni yanada rag’batlantirish, bolalarning musiqa, rangtasvir, san’at va madaniyat sohalaridagi ijodiy iste’dodi va qobiliyatlarini erta kashf qilish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, yoshlarning ijodiy va intellektual salohiyatini ro’yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to’liq qo’llab-quvvatlaydi. Yaqin istiqbolda Harakatning sa’y-harakatlari quyidagi vazifalarni hal qilishga qaratiladi:

tizimli asosda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari – “Barkamol avlod” bolalar markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, maktab o’quvchilarini ularning intellektual, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan turli to’garak va tuzilmalarga keng jalb qilish. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati “Yangi avlod” an’anaviy bolalar ijodiyoti festivalini tashkil etishda ishtirokini davom ettiradi;

Harakat boshlang’ich tashkilotlarining umumiy o’rta ta’lim maktablari, akademik liseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli va iste’dodli yigit-qizlarni kashf qilish va ular to’g’risidagi ma’lumotlar bazasini yaratish bo’yicha faoliyatini tizimli yo’lga qo’yish, iste’dodli yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va intellektual salohiyatini yuksaltirish yo’lida ularga moddiy va ma’naviy jihatdan ko’maklashishga qaratilgan turli festivallar, forumlar, anjumanlar, ko’rik-tanlovlar, o’quv seminarlari, konsert dasturlari va hokazolarni tashkil etish. “Kamolot” turli yoshda bo’lgan iste’dodli yoshlar uchun mo’ljallangan “Kelajak ovozi” respublika tanlovi, shuningdek boshqa tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etish an’anasini davom ettiradi va boyitadi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Kamolot” stipendiyasi”, “Kamolot” ta’lim grantlari” tanlovlarini o’tkazish davom ettiriladi;

iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy ijodga jalb qilish, iste’dodli yigit-qizlar tomonidan yaratilgan innovasion loyihalar, ilmiy va texnikaviy kashfiyotlar, rasionalizatorlik takliflarini amaliyotga joriy etishga jalb qilish. Yosh olimlar uchun taniqli ilm-fan arboblarini jalb qilgan holda mamlakatimiz va jahon ilm-fani taraqqiyotining zamonaviy tendensiyalaridan xabardor qilishga qaratilgan mahorat darslarini tashkil etish, dolzarb, amaliy ahamiyatga molik tadqiqot mavzularini tanlashda, ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishda ko’maklashish rejalashtirilmoqda.

“Kamolot” mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladigan, zamonaviy fan va texnikaning istiqbolli mavzulariga bag’ishlangan ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi yosh olim va mutaxassislarga moliyaviy ko’mak ko’rsatishda ishtirok etadi. Ilm-fan va texnika sohasida izlanayotgan yoshlarning ijodiy faolligini oshirishda, ilmiy-tadqiqot, ta’lim muassasalarida tashkil etilgan yosh olimlar va mutaxassislar Kengashlari, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yosh olim va mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash jarayoni, mamlakatning oliy ta’lim muassasalarida o’qitishning ilg’or pedagogik texnologiyalari va shakllarini joriy etish ishlariga jalb qilish muhim o’rin tutadi.

 V. Sport va o’sib kelayotgan avlodning jismoniy tarbiyasini rivojlantirish,
yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini shakllantirish sohasida

 Sog’lom xalq, sog’lom millatgina buyuk ishlarga qodir. Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha hududlarda bunyod etilayotgan sport saroylari, yoshlar markazlari har tomonlama barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda va xizmat qiladi. Zamonaviy sport majmualari yoshlarni jismoniy va ma’naviy sog’lom, hyech kimdan kam bo’lmaydigan shaxslar sifatida tarbiyalash uchun mamlakatimizda yaratilayotgan keng imkoniyatlar va sharoitlar, ularning ezgu intilishlarini qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yorqin tasdig’i bo’lmog’i lozim.

ta’lim muassasalarining o’quvchilari va talabalari, korxonalar va tashkilotlarning yosh xodimlari o’rtasida sport musobaqalari, olimpiada va universiadalar, shuningdek yoshlarning taniqli sportchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishda faol ishtirokini davom ettiradi. Harakat maktab, lisey, kollej o’quvchilari va oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida sportning qator turlari (futbol, voleybol, stol tennisi, kurash, shaxmat, velosport, badiiy gimnastika va boshqa) bo’yicha sport tadbirlarini har yili o’tkazish amaliyotini davom ettirishni ko’zda tutadi;

Kadrlar tayyorlash milliy dasturining muhim va ajralmas bo’g’ini xisoblangan, xalqaro musobaqalarda O’zbekiston bayrog’ini g’urur va iftixor bilan ko’tarish, mamlakat obro’sini munosib himoya qilish yo’lida o’z kuch va g’ayratini ayamaydigan fidoiy sportchilarni tarbiyalashga xizmat qiluvchi yoshlarni sportga ommaviy jalb qilishning uch bosqichli tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” musobaqalariga tayyorgarlik ko’rish va ularni o’tkazishga ko’maklashadi;

o’z sa’y-harakatlarini sportning ommaviy va milliy turlari, xalq o’yinlarini rivojlantirishga qaratadi. Tegishli davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Harakat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamalakat Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga, Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchni ado etishga tayyorlash maqsadida ularni sportning harbiy-amaliy va texnikaviy turlari bilan shug’ullanishga jalb qiladi;

o’smirlar va yoshlar sport to’garaklari, seksiya va klublari, jismoniy tarbiya va sog’lomlashtirish maskanlari, bolalar va o’smirlar sport maktablarini qo’llab-quvvatlash, sport maydonchalari, sport zallari va boshqa sog’lomlashtirish inshootlari tarmog’ini kengaytirishga ko’maklashish ishlarini davom ettiradi. Yoshlarni joylarda, shu jumladan mahallalar va talabalar turar-joylarida jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanishga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratiladi. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining boshlang’ich tashkilotlari qishloq joylarda sportni ommalashtirish uchun kerakli sharoitlarni yaratishda, ularni sport inshootlari, bolalar sport maydonchalarini bunyod etishga keng jalb qilishda bevosita ishtirok etadi;

yoshlar o’rtasida futbolni targ’ib qilish va ommalashtirish maqsadida “Paxtakor” va boshqa futbol klublari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yadi, qizlarni badiiy gimnastika bilan shug’ullanishga jalb qilishga ko’maklashadi.

“Kamolot” sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, millat genofondini asrash va yaxshilash uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan davlat dasturlarini qo’llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi. Mazkur yo’nalishda yosh avlod sog’lig’ini saqlash, sog’lom turmush tarzini shakllantirish samaradorligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko’lamli tashkiliy, targ’ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish ko’zda tutiladi.

 VI. Xalqaro hamkorlik sohasida

 Globallashuv jarayonlari bilan bog’liq bugungi dunyo va zamonning tez o’zgarib borayotgan sharoitlarida “Kamolot” xalqaro va xorijiy yoshlar tashkilotlari va harakatlari bilan yoshlarni jahon madaniyati va san’ati durdonlaridan bahramand qilish, rivojlangan mamlakatlarning demokratik davlat va jamiyat qurilishiga oid o’zini oqlagan tajribalarini, davlat va jamiyatni boshqarishga doir sinalgan usullarini o’rganishga qaratilgan o’zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish bo’yicha ishlarni davom ettiradi.

Shu maqsadlarda ilm-fan, adabiyot, musiqa, sport, kinematografiya sohalarida xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. O’zbekiston yosh ijodkorlarining gastrollari va ko’rgazmalarini tashkil etish Harakat faoliyatining muhim yo’nalishi bo’lib qoladi.

Jahonning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bunday hamkorlik anjumanlar, seminarlar, davra suhbatlari, munozaralar, tanishuv safarlari o’tkazishni o’z ichiga oladi.

O’zbekistonda yoshlar va bolalar sayyohligini rivojlantirish, mamlakat va xorijdagi tarixiy joylar bo’ylab tanishuv sayohatlarini uyushtirish uchun yoshlardan iborat sayyohlik guruhlarini tashkil etish Harakat diqqat markazida bo’lib qoladi.

 * * *

“Kamolot” o’z faoliyatida mustaqil fikrlaydigan, O’zbekistonni o’zining yagona va betakror Vatani deb bilgan yoshlarga tayanadi.

Biz Harakatning har bir a’zosi va faolini mazkur Dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yo’lida jipslashish va sa’y-harakatlarni birlashtirishga, O’zbekiston jamiyat va davlat taraqqiyotining oliy maqsadi – zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish va jahon miqyosida o’zimizga munosib o’rin egallashiga erishish yo’lida faol ishtirok etishga da’vat etamiz.